Foydalanish Shartlari

DevSMS xizmati MYSTAR MChJ tomonidan taqdim etiladi va Eskiz.uz SMS shlyuzi orqali ishlaydi.

Ushbu "Foydalanish shartlari" (keyingi o'rinlarda — "Shartlar") DevSMS platformasidan foydalanish tartibini, foydalanuvchining huquq va majburiyatlarini, hamda xizmat ko'rsatuvchining mas'uliyat chegaralarini belgilaydi. Platformada ro'yxatdan o'tish, tizimga kirish yoki istalgan xizmatdan foydalanish orqali siz ushbu Shartlarning barcha bandlariga so'zsiz va qaytarib bo'lmas ravishda rozi ekanligingizni tasdiqlaysiz. Agar siz ushbu Shartlarning istalgan bandiga rozi bo'lmasangiz, xizmatdan foydalanishni darhol to'xtating.

1. Atamalar va Ta'riflar

1.1. "Xizmat" yoki "Platforma" — DevSMS platformasi, uning barcha funksiyalari, veb-interfeysi, API endpointlari va boshqa tarkibiy qismlari.

1.2. "Foydalanuvchi" — xizmatda ro'yxatdan o'tgan va/yoki xizmatdan foydalanayotgan har qanday jismoniy yoki yuridik shaxs.

1.3. "SMS Shlyuzi" — Eskiz.uz tomonidan taqdim etiladigan SMS yuborish infratuzilmasi.

1.4. "Shablon" — Eskiz.uz tomonidan tasdiqlanishi kerak bo'lgan SMS matn namunasi.

1.5. "Universal OTP Shablon" — Eskiz.uz tomonidan oldindan tasdiqlangan va foydalanuvchiga o'z korxona/xizmat nomi hamda OTP kodini kiritish imkoniyatini beruvchi standart shablonlar.

1.6. "API" — Dasturiy ta'minot interfeysi orqali xizmatdan foydalanish imkoniyati.

1.7. "Moderatsiya" — sun'iy intellekt (AI) va/yoki ma'muriyat tomonidan SMS mazmunini yoki xizmat parametrlarini tekshirish jarayoni.

1.8. "Nomaqbul kontent" — haqoratli, tahdidli, aldov maqsadli, noqonuniy, boshqa shaxs yoki tashkilot nomini o'zlashtiradigan, yoxud ushbu Shartlar va O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga zid bo'lgan har qanday mazmun.

1.9. "Musodara" — foydalanuvchi hisobidagi barcha mablag'larning qaytarilmaslik sharti bilan xizmat tomonidan o'zlashtirilishi.

1.10. "Ma'muriyat" — DevSMS xizmatini boshqaruvchi MYSTAR MChJ rahbariyati va vakolatli xodimlari.

2. Umumiy Qoidalar

2.1. Xizmatdan foydalanish — bu ushbu Shartlarning barcha bandlarini o'qib chiqqaningiz, tushunganingiz va to'liq roziligingizni bildirganingiz degan ma'noni anglatadi.

2.2. Ma'muriyat ushbu Shartlarni istalgan vaqtda, oldindan ogohlantirishsiz o'zgartirish, to'ldirish yoki qayta ko'rib chiqish huquqiga ega. O'zgarishlar saytda e'lon qilingan paytdan boshlab darhol kuchga kiradi.

2.3. Shartlardagi o'zgarishlar haqida xabar berish tartibi: Ma'muriyat o'zgarishlar haqida quyidagi kanallarning birida yoki bir nechtasida xabar berishi mumkin, ammo majbur emas:

  • • DevSMS veb-saytida (devsms.uz/terms.php) — rasmiy va asosiy manba
  • • Rasmiy Telegram kanalda (@devsms_uz) — ixtiyoriy ravishda
  • • Tizim ichidagi bildirishnomalar orqali — ixtiyoriy ravishda

2.4. O'zgarishlar haqida ogohlantirilmaganlik bahonasi qabul qilinmaydi. Foydalanuvchi ushbu Shartlarni muntazam tekshirish va yangilanishlardan mustaqil ravishda xabardor bo'lish majburiyatini oladi. Shartlar yangilangandan keyin xizmatdan foydalanishni davom ettirish — yangi shartlarga so'zsiz rozilik sifatida qabul qilinadi.

2.5. Ushbu Shartlar foydalanuvchi va DevSMS o'rtasidagi yagona va to'liq kelishuv hisoblanadi. Oldingi og'zaki yoki yozma kelishuvlar kuchini yo'qotadi.

3. Ro'yxatdan O'tish va Identifikatsiya

3.1. Xizmatdan foydalanish uchun foydalanuvchi telefon raqami orqali ro'yxatdan o'tishi kerak.

3.2. MUHIM: Xizmat foydalanuvchilardan hech qanday shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar (pasport, ID karta) talab qilmaydi. Biroq, zarur hollarda ma'muriyat qo'shimcha identifikatsiya talab qilish huquqini o'zida saqlab qoladi.

3.3. Foydalanuvchi o'zi kiritgan barcha ma'lumotlarning to'g'riligi, aniqligi va dolzarbligiga to'liq mas'ul.

3.4. Foydalanuvchi o'z hisobiga kirish ma'lumotlarini (parol, token, API kalit) maxfiy saqlash va uchinchi shaxslarga bermaslik majburiyatini oladi.

3.5. Foydalanuvchi hisobi orqali amalga oshirilgan barcha harakatlar, shu jumladan uchinchi shaxs tomonidan amalga oshirilgan bo'lsa ham, foydalanuvchining o'zi tomonidan amalga oshirilgan deb hisoblanadi va foydalanuvchi to'liq javobgar bo'ladi.

3.6. Agar hisobingizga ruxsatsiz kirish aniqlansa, darhol xizmat ma'muriyatiga xabar bering. Xabar berilguncha amalga oshirilgan barcha harakatlar uchun foydalanuvchi javobgar bo'lib qoladi.

4. Xizmatdan Foydalanish va Cheklovlar

4.1. Xizmat faqat O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq qonuniy maqsadlarda foydalanish uchun mo'ljallangan.

4.2. Ruxsat etilgan foydalanish: tasdiqlash kodlari (OTP), tizim xabarlari, texnik bildirishnomalar, xizmat ko'rsatish xabarlari va boshqa qonuniy maqsadlar.

4.3. QAT'IYAN MAN ETILADI:

  • • Rozilik olinmagan shaxslarga ommaviy (spam) xabarlar yuborish
  • • Firibgarlik, aldov yoki yolg'on ma'lumot tarqatish maqsadida foydalanish
  • • Haqoratli, tahdidli, tuhmatli yoki noqonuniy mazmundagi xabarlar yuborish
  • • Tasdiqlangan shablonsiz reklama xabarlari yuborish
  • • Boshqa shaxslar, tashkilotlar, davlat organlari yoki brendlar nomidan ruxsatsiz xabar yuborish
  • • Xizmatni yoki uning himoya tizimlarini (AI moderatsiya, rate limiting va boshqalar) chetlab o'tishga, buzishga yoki suiiste'mol qilishga urinish
  • • Moliyaviy tashkilotlar, banklar, to'lov tizimlari yoki davlat organlarining nomini o'zlashtirish yoki ulardan foydalanish
  • • SMS qabul qiluvchini chalg'itish, qo'rqitish yoki aldash maqsadidagi har qanday xabar

4.4. Yuqoridagi qoidalarning istalganini buzgan foydalanuvchilar oldindan ogohlantirishsiz darhol bloklanadi, balansdagi barcha mablag'lar musodara qilinadi va O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq javobgarlikka tortilishi mumkin.

5. SMS Xabarlar Mazmuni uchun To'liq Javobgarlik

5.1. Foydalanuvchi DevSMS platformasi orqali yuborgan BARCHA SMS xabarlarning mazmuni uchun TO'LIQ, YAKKA VA CHEKSIZ javobgar hisoblanadi.

5.2. Bu javobgarlik quyidagi barcha holatlarda so'zsiz saqlanadi:

  • • Xabar qasddan yuborilgan bo'lsa
  • • Xabar bilmasdan, xato yoki ehtiyotsizlik natijasida yuborilgan bo'lsa
  • • Xabar texnik xatolik yoki inson omili tufayli noto'g'ri tarkibda yuborilgan bo'lsa
  • • Xabar uchinchi shaxs tomonidan foydalanuvchi hisobi orqali yuborilgan bo'lsa
  • • Xabar API, veb-interfeys yoki boshqa har qanday usulda yuborilgan bo'lsa

5.3. DevSMS faqat texnik vositachi (platforma) sifatida xizmat ko'rsatadi. Platforma SMS xabarlarni uzatish uchun texnik infratuzilma taqdim etadi va xabarlar mazmunini yaratmaydi, tahrir qilmaydi yoki tasdiqlash majburiyatini olmaydi.

5.4. Foydalanuvchi tomonidan yuborilgan har bir SMS, shu jumladan universal OTP shablonlarda ishlatilgan xizmat nomlari, OTP kodlari va boshqa parametrlar — foydalanuvchining shaxsiy javobgarligi ostidadir.

5.5. SMS qabul qilgan shaxs tomonidan bildirgan har qanday shikoyat, da'vo, e'tiroz yoki talablar to'liq va faqat SMS yuborgan foydalanuvchiga qaratiladi. DevSMS bunday da'volar bo'yicha hech qanday javobgarlik olmaydi.

5.6. Foydalanuvchi ushbu Shartlarni qabul qilish bilan, o'zi yuborgan SMS xabarlar natijasida yuzaga kelgan barcha huquqiy, moliyaviy, ma'naviy va boshqa oqibatlarni o'z zimmasiga oladi.

5.7. Hech qanday holatda DevSMS, uning rahbariyati, xodimlari yoki hamkorlari foydalanuvchi tomonidan yuborilgan SMS xabarlar mazmuni uchun javobgar bo'lmaydi. Bu qoida xabar qonuniy yoki noqonuniy bo'lishidan qat'i nazar qo'llaniladi.

6. AI Moderatsiya Tizimi va Jazolar

6.1. DevSMS platformasi SMS mazmunini avtomatik tekshirish uchun sun'iy intellekt (AI) asosidagi moderatsiya tizimidan foydalanadi.

6.2. AI moderatsiya tizimi foydalanuvchining himoyasi va platformaning qonuniy faoliyatini ta'minlash maqsadida qo'llaniladi, biroq bu tizim DevSMS ga SMS mazmuni bo'yicha hech qanday mas'uliyat yuklamaydi.

6.3. JARIMA MEXANIZMI: AI moderatsiya tizimi xabar mazmunini yoki xizmat parametrlarini (korxona nomi va boshqalar) nomaqbul deb topgan taqdirda:

  • • SMS qabul qiluvchiga YUBORILMAYDI
  • • Xabar uchun hisoblangan to'lov foydalanuvchi balansidan TO'LIQ YECHIB OLINADI (jarima sifatida)
  • • Yechib olingan mablag' QAYTARILMAYDI
  • • Holat xavfsizlik jurnalida qayd etiladi

6.4. Foydalanuvchi AI moderatsiya tizimi mavjudligidan to'liq xabardor ekanligini va jarima mexanizmiga so'zsiz rozi ekanligini tasdiqlaydi. Moderatsiya natijasi haqida oldindan ogohlantirishsiz jarima qo'llanilishi mumkin.

6.5. AI moderatsiya qarorlari yakuniy hisoblanadi va ularni qayta ko'rib chiqish kafolatlanmaydi. Ma'muriyat o'z xohishiga ko'ra qayta ko'rib chiqish huquqiga ega, biroq bunga majbur emas.

6.6. Moderatsiya tizimini chetlab o'tishga urinish (bypass) — shu jumladan, odatiy SMS shaklida universal shablon matnlarini nomaqbul mazmun bilan yuborish — alohida og'ir qoidabuzarlik hisoblanadi va qo'shimcha jazolarga sabab bo'ladi.

6.7. Moderatsiya natijasida aniqlangan nomaqbul holatlar (bir yoki bir necha marta) ma'muriyatga foydalanuvchini DARHOL va BUTUNLAY bloklash hamda balansdagi BARCHA mablag'larni MUSODARA qilish huquqini beradi.

6.8. Musodara qilingan mablag'lar HECH QANDAY HOLATDA, HECH QANDAY SABABGA KO'RA QAYTARILMAYDI.

6.9. Moderatsiya tizimi mukammal emas va barcha nomaqbul kontentni aniqlay olmasligi mumkin. AI moderatsiya tizimining xabarni o'tkazib yuborganligi foydalanuvchini mas'uliyatdan ozod qilmaydi. Foydalanuvchi yuborgan har bir xabar uchun 5-bo'limda belgilangan javobgarlik to'liq saqlanadi.

7. Universal OTP Shablonlar Shartlari

7.1. Universal OTP shablonlari Eskiz.uz tomonidan oldindan tasdiqlangan standart shablonlar bo'lib, foydalanuvchiga o'z korxona/xizmat nomini va OTP tasdiqlash kodini kiritish imkoniyatini beradi.

7.2. Foydalanuvchi universal shablondagi "korxona/xizmat nomi" maydoniga kiritgan HAR QANDAY nom uchun TO'LIQ JAVOBGAR.

7.3. Universal shablonlarda korxona nomi sifatida quyidagilarni ishlatish QAT'IYAN MAN ETILADI:

  • • Haqoratli, tuhmatli yoki odob-axloqqa zid so'zlar
  • • Boshqa kompaniyalar, brendlar yoki savdo belgilarining nomlarini (masalan: Uzcard, Payme, Click, Humo)
  • • Davlat tashkilotlari, banklar yoki moliyaviy muassasalar nomlarini (masalan: Markaziy Bank, Soliq qo'mitasi, Tashqi ishlar vazirligi)
  • • Aldov, firibgarlik yoki chalg'itish maqsadidagi har qanday nomlar
  • • O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga zid bo'lgan har qanday nomlar

7.4. Nomaqbul korxona nomi aniqlangan taqdirda 6-bo'lim (AI Moderatsiya va Jazolar) ning barcha qoidalari to'liq qo'llaniladi.

7.5. OTP kod maydoni faqat raqamlardan iborat bo'lishi kerak (4-8 ta raqam). Boshqa belgilar qabul qilinmaydi.

8. Eskiz.uz SMS Shlyuzi Integratsiyasi

8.1. DevSMS xizmati SMS yuborish uchun Eskiz.uz platformasidan foydalanadi.

8.2. Barcha SMS xabarlari Eskiz.uz infratuzilmasi orqali yuboriladi va Eskiz.uz ning shartlariga ham bo'ysunadi.

8.3. Shablon Tasdiqlash: Barcha SMS shablonlari (universal shablonlardan tashqari) Eskiz.uz tomonidan ko'rib chiqiladi va tasdiqlanishi kerak.

8.4. Shablon tasdiqlash jarayoni 1-3 ish kunigacha davom etishi mumkin.

8.5. Eskiz.uz shablonni rad etish huquqiga ega. Rad etilgan shablonlar qayta ko'rib chiqilishi mumkin.

8.6. Foydalanuvchi Eskiz.uz tomonidan belgilangan barcha qoidalar va cheklovlarga rioya qilishga majbur.

9. To'lovlar va Moliyaviy Shartlar

9.1. Har bir SMS uchun belgilangan tarif bo'yicha balansdan to'lov yechib olinadi. Tarif SMS qismlari soniga qarab hisoblanadi.

9.2. Eskiz.uz platformasiga muvaffaqiyatli uzatilgan, ammo qabul qiluvchiga yetkazilmagan (FAILED, REJECTED, EXPIRED) SMS lar uchun ham to'lov olinadi. Bu Eskiz.uz va uyali aloqa operatorlarining shartlari bo'lib, DevSMS bu holatlar uchun mas'uliyat olmaydi va mablag' qaytarilmaydi.

9.3. AI moderatsiya tizimi tomonidan bloklangan SMS lar uchun to'lov jarima sifatida to'liq yechib olinadi va qaytarilmaydi (6-bo'limga qarang).

9.4. Balansga kiritilgan mablag'lar faqat xizmatdan foydalanish uchun mo'ljallangan va oldindan to'lov (prepaid) sifatida hisoblanadi.

9.5. QAYTARISH SIYOSATI: Balansga kiritilgan mablag'lar, qoida tariqasida, QAYTARILMAYDI. Istisno holatlari:

  • • Faqat DevSMS platformasining texnik xatosi natijasida noto'g'ri yechilgan mablag'lar
  • • Faqat ma'muriyat tomonidan tasdiqlangan holatlarda

9.6. Narxlar ogohlantirishsiz o'zgarishi mumkin. Yangi narxlar faqat o'zgarishdan keyin yuborilgan SMS larga qo'llaniladi.

10. Maxfiylik va Ma'lumotlar Himoyasi

10.1. Biz foydalanuvchilarning shaxsiy ma'lumotlarini himoya qilishga majburmiz.

10.2. To'planadigan ma'lumotlar: telefon raqam, yuborilgan SMS lar tarixi, balans ma'lumotlari, IP manzillar, foydalanish statistikasi.

10.3. Ma'lumotlar uchinchi shaxslarga berilmaydi, quyidagi hollar bundan mustasno:

  • • Sud qarori bo'yicha
  • • Huquqni muhofaza qilish organlarining rasmiy so'rovi bo'yicha
  • • Eskiz.uz bilan texnik integratsiya uchun zarur hollarda
  • • Firibgarlik yoki noqonuniy faoliyatni aniqlash va oldini olish maqsadida

10.4. Biz ma'lumotlarni xavfsiz saqlash uchun zamonaviy shifrlash va himoya usullaridan foydalanamiz.

10.5. Moderatsiya maqsadida yuborilgan SMS xabarlar mazmuni, xizmat nomlari va boshqa parametrlar AI tizimi tomonidan tahlil qilinishi mumkin. Foydalanuvchi bunga roziligini beradi.

11. Mas'uliyat Chegaralari va Kafolatlardan Voz Kechish

11.1. Xizmat "BOR HOLIDA" (AS IS) va "MAVJUD HOLDA" (AS AVAILABLE) taqdim etiladi, hech qanday aniq yoki yashirin kafolatlarsiz.

11.2. DevSMS quyidagilar uchun HECH QANDAY MAS'ULIYAT OLMAYDI:

  • • Foydalanuvchi tomonidan yuborilgan SMS xabarlar mazmuni va uning oqibatlari
  • • Foydalanuvchi yuborgan SMS natijasida uchinchi shaxslarga yetkazilgan zarar
  • • SMS qabul qiluvchining shikoyatlari, da'volari yoki talablari
  • • Eskiz.uz platformasidagi texnik nosozliklar yoki xizmat uzilishlari
  • • Internet aloqasi uzilishi yoki sekinlashishi
  • • Mobil operatorlar tomonidan SMS yetkazib berilmasligi
  • • Foydalanuvchi tomonidan noto'g'ri kiritilgan ma'lumotlar (telefon raqam, xabar matni va boshqalar)
  • • AI moderatsiya tizimining nomaqbul kontentni o'tkazib yuborishi yoki qonuniy kontentni bloklashi
  • • Fors-major holatlari (tabiiy ofatlar, urush, davlat qarorlari, energiya uzilishi va boshqalar)

11.3. DevSMS ning umumiy mas'uliyati (agar mavjud bo'lsa) har qanday holatda foydalanuvchi tomonidan oxirgi 30 kun ichida xizmatga to'langan summa bilan chegaralanadi.

11.4. DevSMS bilvosita, tasodifiy, maxsus yoki oqibatli zararlar uchun javobgar emas, shu jumladan: yo'qotilgan foyda, ma'lumotlar yo'qolishi, obro' zarar ko'rishi yoki biznes imkoniyatlarining boy berilishi.

12. Zararlarni Qoplash Majburiyati (Indemnifikatsiya)

12.1. Foydalanuvchi ushbu Shartlarni qabul qilish bilan quyidagi majburiyatni o'z zimmasiga oladi:

12.2. Foydalanuvchi DevSMS, uning rahbariyati, ta'sischilarini, xodimlarini, agentlarini va hamkorlarini (shu jumladan Eskiz.uz) foydalanuvchi tomonidan:

  • • Yuborilgan SMS xabarlar natijasida yuzaga kelgan har qanday da'vo, shikoyat yoki talablardan
  • • Ushbu Shartlarni buzish natijasida yuzaga kelgan har qanday zararlardan
  • • O'zbekiston Respublikasi qonunchiligini buzish natijasida yuzaga kelgan jar ima, sanksiya yoki sud xarajatlaridan
  • • Uchinchi shaxslarning huquqlarini buzish natijasida yuzaga kelgan talablardan

TO'LIQ HIMOYA QILISH, barcha ko'rilgan zararni, shu jumladan sud xarajatlari, advokat xarajatlari, jarima va kompensatsiyalarni O'Z HISOBIDAN QOPLASH majburiyatini oladi.

12.3. Ushbu majburiyat Shartlar amal qilish muddati tugagandan keyin ham, foydalanuvchi hisobi bloklangandan yoki o'chirilgandan keyin ham o'z kuchida qoladi.

13. Hisob Bloklash, To'xtatish va Mablag'larni Musodara Qilish

13.1. Ma'muriyat quyidagi hollarda foydalanuvchi hisobini OLDINDAN OGOHLANTIRISHSIZ, DARHOL VA BUTUNLAY bloklash huquqiga ega:

  • • Ushbu Shartlarning istalgan bandini buzish
  • • Spam, firibgarlik yoki noqonuniy faoliyat aniqlanganda
  • • AI moderatsiya tizimi tomonidan nomaqbul kontent aniqlanganda (bir yoki bir necha marta)
  • • Moderatsiya tizimini chetlab o'tishga urinish (bypass) aniqlanganda
  • • Boshqa foydalanuvchilar yoki uchinchi shaxslarga zarar yetkazish
  • • Platformaning xavfsizligiga tahdid soluvchi har qanday faoliyat
  • • Huquqni muhofaza qilish organlarining talabi bo'yicha

13.2. MABLAG'LARNI MUSODARA QILISH: Bloklangan hisobdagi BARCHA qoldiq mablag'lar musodara qilinadi (xizmat tomonidan o'zlashtiriladi).

13.3. Musodara qilingan mablag'lar HECH QANDAY HOLATDA, HECH QANDAY SABABGA KO'RA, HECH QANDAY MUROJAAT ASOSIDA QAYTARILMAYDI. Bu qoida so'zsiz va yakuniydir.

13.4. Ma'muriyat bloklash sababini tushuntirish majburiyatini olmaydi.

13.5. Foydalanuvchi bloklash qaroriga yozma e'tiroz bildirishi mumkin (support@devsms.uz orqali). Ma'muriyat e'tirozni ko'rib chiqish huquqiga ega, biroq bunga majbur emas. E'tiroz natijasidan qat'i nazar, musodara qilingan mablag'lar qaytarilmaydi.

13.6. Foydalanuvchi istalgan vaqtda o'z hisobini o'chirishni so'rashi mumkin.

13.7. Hisob o'chirilganda barcha ma'lumotlar o'chiriladi va qayta tiklanmaydi. Qoldiq mablag'lar qaytarilmaydi.

14. Intellektual Mulk

14.1. DevSMS platformasi, dizayni, logotipi, dasturiy kodi va barcha kontenti intellektual mulk ob'yekti hisoblanadi.

14.2. Foydalanuvchi platformadan faqat ushbu Shartlarda belgilangan maqsadlarda foydalanishi mumkin.

14.3. Platformani nusxalash, qayta tarqatish, dekompilatsiya qilish yoki tijoriy maqsadlarda foydalanish man etiladi.

15. Nizolarni Hal Qilish

15.1. Barcha nizolar avval muzokaralar yo'li bilan hal qilinishiga harakat qilinadi.

15.2. Kelishuv bo'lmagan taqdirda, nizolar O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq vakolatli sudda hal qilinadi.

15.3. Sudgacha tartibda yozma murojaat yuborish majburiy (support@devsms.uz). Ma'muriyat murojaatga 10 ish kuni ichida javob beradi.

15.4. Ushbu Shartlarning talqini va qo'llanilishi O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.

16. Yakuniy Qoidalar

16.1. Ushbu Shartlar O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq tuzilgan va tartibga solinadi.

16.2. Agar shartlarning biror bandi sud tomonidan haqiqiy emas yoki ijro etib bo'lmas deb topilsa, qolgan bandlar o'z kuchida qoladi va to'liq amal qilishda davom etadi.

16.3. Ma'muriyatning ushbu Shartlarning biror bandini qo'llamasligi yoki kechiktirishi, o'sha banddan yoki boshqa bandlardan voz kechish sifatida talqin qilinmaydi.

16.4. Foydalanuvchi ushbu Shartlar bo'yicha o'z huquq va majburiyatlarini uchinchi shaxslarga ma'muriyatning yozma roziligisiz o'tkaza olmaydi.

16.5. Savollar yoki murojaatlar uchun: support@devsms.uz

Bog'lanish Ma'lumotlari

Kompaniya: MYSTAR MChJ

Email: support@devsms.uz

Telefon: +998 91 555 68 00

Manzil: Samarqand, O'zbekiston

Kuchga kirish sanasi: 17.03.2026

Oxirgi yangilanish: 17.03.2026